Ramazonda eng ko'p so'raladigan savollarga javoblar
1️⃣ RO‘ZADOR ODAM TISH PASTASI BILAN TISHINI TOZALASA BO‘LADIMI?
✅ Ro‘zador holatda tish pastasini ishlatish makruh. Lekin tomog‘idan ichkariga o‘tib ketmasa, ro‘za ochilmaydi. Biror narsani og‘ziga solib, tatib ko‘rish makruh, lekin bunda ro‘za ochilmaydi (lekin tatib ko‘rgan narsasini yutib yuborsa ro‘za ochiladi).
2️⃣ UKOL (IN’YeKSIYA) QILISH BILAN RO‘ZA BUZILADIMI?
✅ Ulamolar mushaklar orasiga, yonboshga ukol qilish bilan ro‘za buzilmasligiga ittifoq qilishgan. Teri orasidan ichkariga yog‘ kabi narsalarning kirishi ro‘zani ochmaydi.
Odatiy yo‘llardan boshqa joylar orqali terining orasiga narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (tomirdan chaqsa ham), sovuq suvda g‘usl qilish natijasida badan orasidan ichkariga suv o‘tishi ro‘zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan.
3️⃣ TISH OLDIRSA RO‘ZA OCHILADIMI?
✅ Ro‘zaning ochilish-ochilmasligi tomoqdan biror narsa o‘tish-o‘tmasligiga bog‘liq. Tish oldirayotganda tomoqdan biror narsa o‘tib ketmasa, ro‘za ochilmaydi.
4️⃣ GʻARGʻARA QILISH BILAN RO‘ZA OCHILADIMI?
✅ Ro‘zador kishining g‘arg‘ara qilishi makruh. Ichkariga suv ketib qolsa, ro‘za ochiladi.
5️⃣ ESDAN CHIQARIB YeB-ICHGAN ODAM ESIGA TUSHGACh TAOMLANIB QO‘YSA, RO‘ZASI OCHILADIMI?
✅ 1) esdan chiqarib yeb-ichish bilan ro‘za ochilmaydi.
2) Esdan chiqarib yeb-ichgandan keyin «Ro‘zam ochildi» deb o‘ylab taomlanib qo‘ysa, qazo lozim bo‘ladi, kafforat vojib bo‘lmaydi.
3) Esdan chiqarib yeb-ichib qo‘ysa ro‘za ochilmasligini bilaturib taom yeb qo‘ysa qazo ham, kafforat ham vojib bo‘ladi. Qayt qilishning hukmi ham shunday: qayt qilgach, «endi ro‘zam ochildi» deb o‘ylab, taom yeb yuborsa, qazo lozim bo‘ladi, kafforat emas. Lekin bu ish ro‘zani ochmasligini bilaturib taomlanib yuborsa, kafforat ham vojib bo‘ladi.
6️⃣ GʻIYBAT QILSA, YOLGʻON GAPIRSA RO‘ZA OCHILADI DEB O‘YLAGAN KISHI GʻIYBAT QILIB QO‘YIB, QASDDAN TAOM YeSA KAFFORAT LOZIM BO‘LADIMI?
✅ Shunday deb o‘ylab, qasddan yeb-ichib yuborsa, qazo ham, kafforat ham vojib bo‘ladi.
7️⃣ QO‘LI BILAN SHAHVATINI QONDIRSA, RO‘ZA OCHILADIMI?
✅ Bu ish har holatda ham gunoh hisoblanadi. Qo‘li bilan shahvatini qondirsa, ma’nan yaqinlik holati topilib, suratan topilmagani uchun ro‘za ochiladi va qazo lozim bo‘lib, kafforat vojib bo‘lmaydi.
8️⃣ RO‘ZADOR KUNDUZI UXLAB, TUSHIDA EHTILOM BO‘LIB QOLSA, RO‘ZASI OCHILADIMI?
✅ Tushida bulg‘ansa yoki qarash tufayli maniy to‘kilsa, ro‘za ochilmaydi (qo‘li bilan ushlashi natijasida yoki biror narsaga ishqalanish oqibatida maniy to‘kilsa, qazo lozim bo‘ladi).
9️⃣ RO‘ZADOR KISHI ISIRIQ, BUGʻ VA SHUNGA O‘XSHASH NARSALARNI HIDLASA RO‘ZASI OCHILADIMI?
✅ Ro‘zadorligi esida turib, qasddan tutun yutsa, isiriq hidini yutsa, dorivor o‘tlarning bug‘ini og‘iz-burni bilan ichiga yutsa, ro‘zasi ochiladi.
🔟 SURILADIGAN DORI (МАЗЬ) VA SHU KABI VOSITALARNI BADANGA SURTSA RO‘ZA OCHILADIMI?
✅ Ro‘za ochilmaydi. Terining orasidan yog‘ kabi narsalarning ichkariga kirishi ro‘zani ochmaydi.
1️⃣1️⃣ RO‘ZADOR SHO‘R SUVDA OGʻZINI CHAYSA BO‘LADIMI?
✅ Suv chuchuk bo‘lsin, sho‘r bo‘lsin, ro‘zador u bilan tahorat olsa ham, og‘zini chaysa ham bo‘ladi.
1️⃣2️⃣ KASAL VA MUSOFIR RAMAZON OYIDA RO‘ZA TUTA OLMASA-DA, O‘ZINI YeB-ICHISHDAN TO‘XTATIB TURISHI KERAKMI?
✅ Ramazon kunlarida bemor bo‘lgan va safarga chiqqan kishilar ro‘zadorga o‘xshab o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib turishlari lozim bo‘lmaydi. Lekin taomlanmoqchi bo‘lsalar oshkora emas, balki odamlardan xoliroq joyda taomlanishlari afzal.
Ramazon oyi haqida faktlar
1️⃣3️⃣ RO‘ZADOR SUV BILAN MUBOLAGʻALI TARZDA ISTINJO QILSA, BAVOSIL (GEMORROY) KASALIGA DUCHOR BO‘LGANLAR O‘SHA JOYLARIGA DORI QO‘YISHSA, RO‘ZA OCHILADIMI?
✅ Istinjoda suv, bavosil kasalligida dorilar orqa a’zoning huqna (klizma) qilinadigan joyigacha yetib borsa, ro‘za ochiladi. Yetib bormay, tashqarida qolsa, ochilmaydi. Agar istinjoni mubolag‘a tarzida qilsayu, klizma qilish o‘rnigacha yetib borsa, ro‘zasi ochiladi.
👤 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
Comments